Yangiliklar

Sharq taronalari

#Sharq_taronalari_2024

YUNESKO shafeligida 25-30-avgust kunlari “Yer yuzining sayqali” deb nom olgan qadimiy va betakror Samarqandda “Sharq taronalari” XIII xalqaro musiqa festivali bo'lib o'tadi.

"Sharq taronalari" Markaziy Osiyodagi eng katta festivallardan biri sanaladi. Festival o‘tkazilishidan asosiy maqsad milliy musiqa san'atida erishilgan yutuqlarni keng ommaga tatbiq qilish, millatlarning madaniyat va an’analarini asrash va rivojlantirish, sozandalik va xonandalik yo‘nalishidagi iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, xalqaro ijodiy aloqalarni kengaytirish, tinchlik, do‘stlik va o‘zaro bag‘rikenglik g‘oyalarini targ‘ib qilishdan iborat.

1997-yilda tashkil etilib, ilk marotaba o'tkazilgan "Sharq taronalari" xalqaro musiqa festivalida 31 ta davlatdan musiqiy guruhlar va ijrochilar tashrif buyurishgan bo'lsa 2019-yilda o‘tkazilgan XII "Sharq taronalari" xalqaro musiqa festivalida ishtirokchi davlatlar soni 75 taga yetgan.

2024-yilning 25-30-avgust kunlari o'tkazilishi rejalashtirilgan “Sharq taronalari” XIII xalqaro musiqa festivalida ishtirok etish uchun 100 dan ziyod mamlakatlarga mazkur festivalda ishtirok etish uchun taklifnomalar yuborildi.

Hozirda festivalda qatnashish yuzasidan xorijiy mamlakatlardan, xususan, Yaponiya, Indoneziya, Polsha, Belarus, Ozarbayjon, Gruziya, Italiya va boshqa bir qator Sharqiy Osiyo davlatlaridan arizalar kelishi boshlandi.

Bugunga kelib "Sharq taronalari" nafaqat O‘rta Osiyoda, balki jahon miqyosidagi mashhur festivallar qatoridan joy olib ulgurdi. Buning yorqin misolini yildan-yilga qatnashchilar va festivalda qatnashish istagini bildirayotgan davlatlar sonining oshishida, dastur saviyasining yuqorilab borayotganida ham ko‘rishimiz mumkin.
Made on
Tilda